Читать онлайн «Kets Yulduzi»

Автор

Aleksandr Belyayev

I. QORASOQOL BILAN UCHRASHUV

II. TINIB GINCHIMAGAN QIZ

III. MEN IZQUVARGA AYLANDIM

IV. BEHUDA QUVISH

V. FAZODA YASHASHGA NOMZOD

VI. PARDOZXONA

VII. QISQA SAYEHAT

VIII. FAZODAGI CHAQALOQ

IX. KUTUBXONADA

X. DIREKTOR HUZURIDA

XI. URGIMCHAK OLIM

XII. TYURIN MASHQ QILADI

XIII. OY ORBITASI SARI

XIV. OY SIRTIDA

XV. YULDUZDAGI TASHVISHLAR

XVI. KRAMERNING TABIATI BUZILYAPTI

XVII. ZOOLABORATORIYA

XVIII. YANGI DO‘ST

XIX. G‘ALATI KASALLIK

XX. QORASOQOL YEVGENYEV-PALEY

XXI. NIHOYAT O‘ZIMNI TUTA BILDIM

XXII. YER VA YULDUZLAR

Aleksandr Belyayev

Kets Yulduzi

Ilmiy-fantastik roman

Konstantin Eduardovich Siolkovskiy xotirasiga bag‘ishlayman

I. QORASOQOL BILAN UCHRASHUV

Arzimagan bir voqea taqdirimni hal qiladi, deb kim o‘ylabdi deysiz.

U paytda bo‘ydoq edim, ilmiy xodimlar turadigan binoda istiqomat qilardim. Leningradning bahor oqshomlaridan birida ochiq derazadan xiyobondagi yashil momiq bilan qoplangan daraxtlarni tomosha qilib o‘tirardim. Uylarning yuqori qavatlari botayotgan quyoshning sarg‘ish nurida cho‘milar, pastki qavatlar esa ko‘kimtir qorongilik qa’riga g‘arq bo‘lmoqda edi. Uzoqdan Neva daryosi va Admiralteystvo qubbasi yarqirab ko‘rinardi. Oqshom nihoyatda so‘lim edi, faqat kuy yetishmasdi, xolos.

Radiopriyomnigim buzilib qolgan edi. Qo‘shni xonadan taralayotgan mayin bir kuy devorlarga urilib, qulogimga elas-elas eshitilardi. Shu tobda qo‘shnilarimga havasim kelib ketdi va nihoyat, qo‘shnim Antonina Ivanovna radiopriyomnigimni osongyna tuzatib berishi mumkin-ku, degan fikrga keldim. Men u qiz bilan yaxshi tanish emasdim, lekin fizika-texnika institutida assistent bo‘lib ishlashiyi bilardim. Har gal zinada uchrashib qolganimizda bir birimizga muloyimgina ta’zim qilib o‘tardik. Shuning o‘zi unga yordam so‘rab murojaat qilishimga to‘la huquq beradiganday tuyuldi nazarimda.

Hayal o‘tmay qo‘shnim eshigidagi qo‘ng‘iroq tugmasini bosdim.

Eshikni Antonina Ivanovna ochdi. U yigirma besh yoshlardagi suluv qiz edi. Uning katta-katta quvnoq qo‘yko‘zlari kishiga andak istehzo bilan takabburona boqar, qirra burni esa chehrasiga qandaydir jo‘shqinlik ifodasini bahsh etardi. Egnidagi jo‘ngina tikilgan qora movut ko‘ylagi qomatini quchib turardi.

Negadir birdan dovdirab qoldim va shosha-pisha, uzuq-yuluq qilib kelishimning sababini tushuntirdim.

— Bu zamonda radiotexnikani bilmaslik uyat, — deb gapimni bo‘ldi u hazil aralash.

— Men biologman, — dedim o‘zimni oqlamoqchi bo‘lib.

— Lekin hozir maktab bolalari ham biladi radiotexnikani.

U shunday deya tekis tishlarini yarqiratib kularkan, ta’nasini yumshatganday, oradagi noqulaylik sal ko‘tiralganday bo‘ldi.

— Yuring, ichkariga kiraylik, choyimni ichib bo‘lib, priyomnigingizni davolagani boraman.

Men bajonu dil ergashdim.

Keng oshxonadagi dumaloq stol yonida semiz, ikki yuzi qipqizil, ochlari oppok ayol — Antonina Ivanovnaning onasi o‘tirardi. U men bilan quruqqina ko‘rishib choyga taklif qildi.

Men rad etdim. Antonina Ivanovna choiini ichib bo‘lgach, biznikiga chiqdik.

U priyomnikni g‘oyatda chaqqonlik bilan qismlarga ajratdi. Men uning uzun, harakatchan barmoqlariga havas bilan tikilardim. Biz ko‘p gaplasholmadik. Qiz apparatni birpasda tuzatib, chiqib ketdi.